Raqamli texnologiyalar vazirligi, Visa, Ipak Yuli Bank va Hamroh O‘zbekistonda hamkorlik memorandumini imzoladi

Toshkent, 2026-yil 2-aprel: Raqamli to‘lovlar sohasida jahon yetakchisi bo‘lgan Visa kompaniyasi Ipak Yuli Bank bilan birgalikda O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan She’s Next global tashabbusining birinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi.

Tashabbusning birinchi bosqichi boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan media-branch doirasida Visa, Ipak Yuli Bank, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlovchi Hamroh kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tomonlar birgalikda bir nechta yo‘nalish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Xususan, O‘zbekistonda ayollar boshchiligidagi kichik va o‘rta biznes subyektlariga o‘z ishini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun zarur bilim, resurs hamda ko‘nikmalarni taqdim etish orqali ularning imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, ushbu hamkorlik 17 ta mamlakatni birlashtirgan umumiy mintaqaviy platforma asosida O‘zbekistonning tadbirkor ayollari faol hamjamiyatini rivojlantirishga, jumladan, ta’limiy kontentdan foydalanish hamda boshqa mamlakatlarda hamkorlar topish imkoniyatini yaratishga qaratiladi. Shuningdek, memorandum ishtirokchilari raqamli transformatsiyani jadallashtirishga va mamlakat aholisining raqamli hamda moliyaviy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish niyatida.

BMTning 2025-yil aprel oyida e’lon qilingan “Women’s Entrepreneurship in Uzbekistan: Assessment and Recommendations” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2,1 millionga yaqin ayol tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, bu 2020-yilga nisbatan yetti baravar ko‘pdir[1]. Ular mamlakat iqtisodiyotida band bo‘lgan barcha ayollarning qariyb 35 foizini tashkil etadi. Bu ma’lumotlar ayollarning tadbirkorlik faoliyatiga qiziqishi yuqori ekanini ta’kidlab, moliyalashtirish va biznesni boshqarish bo‘yicha o‘qitish kabi maqsadli qo‘llab-quvvatlash choralari zarurligini ko‘rsatadi.

Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga zarur bilimlar, foydali resurslar va moliyalashtirish imkoniyatlarini taqdim etish maqsadida Visa Ipak Yuli Bank bilan hamkorlikda «Boshlang!» shiori ostida She’s Next loyihasining birinchi bosqichini yo‘lga qo‘ydi. Bu shior loyihaning asosiy g‘oyasini ifodalaydi: o‘z yo‘lingizni boshlash uchun mukammal sharoitlarni kutish shart emas — asosiysi, birinchi qadamni tashlashdir.

Tashabbusda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yoki shaxsiy tadbirkorligini ochishni rejalashtirayotgan ayollar ishtirok etishi mumkin. Buning uchun 24-maygacha (shu kuni ham) She's Next platformasida ro‘yxatdan o‘tish zarur. Ro‘yxatdan o‘tgach, ishtirokchilar to‘rtta videodars va testlardan iborat ta’lim dasturidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Ta’lim dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar o‘z biznes-rejasini baholash uchun ekspert komissiyasiga topshirishi mumkin bo‘ladi. Baholash natijalariga ko‘ra, 30 nafar finalchi saralab olinadi va ular o‘z loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etish uchun Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan She’s Next Pitch Day tadbiriga yo‘l oladi. 7 nafar g‘olib esa o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish uchun pul grantlariga ega bo‘ladi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 22 000 AQSh dollarini tashkil etadi.

“Raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish va xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytirish — davlat siyosatining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlaridir. Bugun biz xotin-qizlarning nafaqat texnologiyalardan foydalanishi, balki biznesni yo‘lga qo‘yish va uni kengaytirish uchun ham real imkoniyatlarga ega bo‘ladigan sharoitlarni yaratmoqdamiz. Ushbu memorandumni imzolash va She’s Next tashabbusini ishga tushirish — ta’lim, moliya va texnologik yechimlarni o‘zida birlashtirgan milliy raqamli ekotizimni rivojlantirish yo‘lidagi izchil qadam. Biz bunday hamkorlikni raqobatbardosh tadbirkorlik sektorining o‘sishi hamda O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlash uchun asos deb bilamiz”, — deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.

“2019-yildan buyon She’s Next tashabbusi butun dunyo ayollariga o‘z loyihalarini yo‘lga qo‘yish va mavjud biznesini rivojlantirishga ko‘maklashib kelmoqda. Bugun biz ushbu tashabbusni O‘zbekistonda Ipak Yuli Bank bilan hamkorlikda ilk bor ishga tushirayotganimizdan mamnunmiz. O‘zbekiston — kuchli tadbirkorlik salohiyatiga ega yirik va jadal rivojlanayotgan bozor bo‘lib, biz tobora ko‘proq ayollar biznes yo‘lini tanlayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shu bilan birga, She’s Nextning birinchi bosqichi doirasida memorandumning imzolanishi mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Tashabbusimiz tadbirkor ayollarga o‘z g‘oyalari ko‘lamini kengaytirish, qimmatli bilimlarga ega bo‘lish va yangi bozorlarga chiqish imkonini beradi, deb umid qilamiz. Tashabbusning birinchi bosqichi «Boshlang! – Смелость начинать!» shiori ostida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega, negaki, aynan ilk qadamni tashlash jasorati ko‘pincha katta g‘alabalar va muvaffaqiyatlar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi Visa kompaniyasining vitse-prezidenti, Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Sanjar Sulaymonov.

“Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish — barqaror iqtisodiy o‘sish va zamonaviy ishbilarmonlik muhitini shakllantirishning asosiy omillaridan biridir. Biz O‘zbekistonda xotin-qizlarning tadbirkorlik faolligi o‘sib borayotganini ko‘rib turibmiz va biz uchun nafaqat bu tendensiyani qo‘llab-quvvatlash, balki uni rivojlantirish uchun moliyalashtirishdan tortib ta’lim tashabbuslarigacha bo‘lgan aniq vositalarni yaratish ham muhim. Visa bilan hamkorlik hamda She’s Next loyihasining yo‘lga qo‘yilishi — ESG strategiyamizning bir qismi va xotin-qizlar bilim, resurs hamda o‘sish imkoniyatlariga ega bo‘ladigan barqaror tadbirkorlik ekotizimini shakllantirishga qo‘shgan hissamizdir. Ishonchimiz komilki, ushbu tashabbus O‘zbekistondagi ko‘plab ayollarga o‘z biznesini rivojlantirishda navbatdagi qadamni tashlashga yordam beradigan amaliy platformaga aylanadi” — Saidabror Saydaxmedov, Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda tobora ko‘proq ayollar tadbirkorlik yo‘lini tanlamoqda — ular o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, ish o‘rinlari va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bizning vazifamiz — ularni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlash, g‘oyalarni barqaror va kengaytiriladigan loyihalarga aylantirishga yordam beruvchi bilim, hamjamiyat va resurslardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish. She’s Next tashabbusi — nafaqat ta’lim platformasi, balki ayni paytda o‘sish, hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash uchun makondir. Ishonamizki, ishni boshlashga jur’at qilish — katta o‘zgarishlar sari qo‘yilgan birinchi qadamdir va biz O‘zbekiston tadbirkor ayollari uchun ushbu yo‘lning bir qismi ekanligimizdan mamnunmiz” — Dilfuza Nurmatova, Hamroh ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi direktori.

[1] https://www.undp.org/uzbekistan/publications/womens-entrepreneurship-uzbekistan-assessment-and-recommendations/


Visa kompaniyasi haqida

Visa (NYSE: V) – raqamli to‘lovlar sohasining jahon yetakchisi. Visa 200 dan ortiq mamlakat va hududlarda iste’molchilar, biznes, moliya va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi to‘lov amaliyotlariga ishlov beradi. Bizning vazifamiz – iste’molchilar farovonligini yuksaltirish, biznes va iqtisodiyot ravnaqiga ko‘maklashish maqsadida innovatsion, qulay, ishonchli va xavfsiz to‘lov tarmog‘i orqali dunyoni birlashtirishdan iborat. Biz iqtisodiyotda barcha uchun imkoniyatlarni kengaytirish butun dunyo odamlari farovonligining o‘sishiga yordam beradi va kelajakda pul mablag‘larining global harakati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonamiz. Batafsil ma’lumot https://cis.visa.com/ saytida.

Ipak Yuli Bank haqida

Ipak Yuli Bank — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki litsenziyasi asosida faoliyat yurituvchi, mamlakatning yetakchi xususiy banklaridan biri. 1990-yilda tashkil etilgan bank bugungi kunda 2,5 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlarni taklif etadi. Bank hisob-kitob va kassa operatsiyalaridan tortib, moliyalashtirish, xalqaro to‘lovlar va investitsion mahsulotlargacha bo‘lgan to‘liq bank yechimlari majmuini taqdim etadi. Ipak Yuli Bank raqamli xizmatlarni, jumladan, mobil ilova va moliyani boshqarishga mo‘ljallangan onlayn vositalarni faol rivojlantirib bormoqda. Bank strategiyasining negizida klassik banking, raqamli yechimlar va hamkorlik servislarini o‘zida birlashtirgan zamonaviy moliyaviy ekotizimni shakllantirish yotadi. Barqaror rivojlanishga alohida e’tibor qaratilgan: bank ESG tamoyillariga amal qiladi, “We-Finance Code” tashabbusi ishtirokchisi hisoblanadi hamda ISO 9001 va ISO 14001 xalqaro sertifikatlariga ega. Bankning ishonchliligi Fitch (B) va Moody’s (B1) xalqaro reytinglari, shuningdek, OTBning TSCFP dasturidagi Confirming Bank maqomi bilan tasdiqlangan. Batafsil ma’lumotni rasmiy saytdan olishingiz mumkin: https://ipakyulibank.uz/. 

«Hamroh» ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi to‘g‘risida

O‘zbekistonda tadbirkor ayollar uchun bepul maslahat va mentorlik xizmatlarini taqdim etuvchi ilk kompaniya. Kompaniya shaffof shartlar asosida imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashadi. Kompaniyaning missiyasi: ayollarni muvaffaqiyatli biznes yuritishga ilhomlantirish, buning uchun to‘siqlarni yengib o‘tish va yuksak natijalarga erishishlarida zarur resurslar bilan ta’minlash.

OAV so‘rovlari uchun:

Anastasiya Shcherbakova
Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi
Visa matbuot xizmati
PBN Central Asia
Tel.: +7 705 170 2972
[email protected]
Danil Pavlenko
Visa kompaniyasining korporativ kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori,
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon
[email protected]
Nana Mardoyan
Ipak Yo‘li Bankining marketing va PR bo‘yicha direktori
[email protected]